Стих на узбекском языке о узбекском языке

Добавлено: 16.04.2018, 05:07 / Просмотров: 85531

Надир Жанузак

Nodir Jonuzoq - 1976 yilda Samarqand
viloyatining Bulung’ur tumanida tug'ilgan. 1998
yilda Samarqand Davlat universitetining
filologiya fakultetini tamomlagan.
«Tomchilar», «Sizni sevar edim...», "Mehribonim" nomli
she'riy to'plamlari chop etilgan. Yosh ijodkorlarning
an'anaviy Zomin seminari g’olibi (1997).
Hozirda O'zbekiston televideniyesida xizmat qiladi.
E-mail:
                           
Ota, meni o'ylab g'am yema,
Ko'nglim - ko'hna ovchining saydi.
Meni bandi aylagan kema
Hali-veri to'xtash bilmaydi.
Kamalakka aylanar yo'lim,
Goho g'amnok, gohida sho'xman.
Qaytishimni o'ylash kulgili -
Men miltiqdan otilgan o'qman.
Manzilim qay? Kimning yuragi?
Xudo bilar - qildingmi tusmol...
Qo'rqma, mening sinmas kuragim,
Qo'rqma, mening o'ylarim halol.
Garchi qadah tuta boshladim,
Garchi qizlar tilin bilaman.
Meni mayxo'r deyolmas hech kim,
Oshiqlari berib qo'ygan tan.
Ketmon emas, qalamim ila
Kiprigimga ilaman Yerni.
Kechir meni, otajon, illo,
Portlab-portlab yashagim keldi.
Ketganim yo'q qishloqdan to'yib,
Ildizimni yaxshi bilaman.
Men Zaminni kaftimga qo'yib,
Bitta ulkan qishloq qilaman.
O'z ruhimni tanidim shul dam,
Oq fotiha berdi pirlarim.
Fotih bo'lib otlandim, ildam -
Qilich tutdi yovqur she'rlarim.
Faqat...
Meni o'ylab g'am yema,
Guldurakman - ko'ngling bo'lsin to'q.
Ota bo'lsang bilasan, dema -
Ota bo'lib ko'rganimcha yo'q...
                                                 1995
Ishonaman sizga, azizim,
Faqat meni sevasiz, faqat -
O'pich uchun bir menga izn
Berasiz-u yotga yo'q shafqat.
Turna bo'lib uchar qoshingiz,
Qabog'ingiz shimadi shafaq.
Shab sharobin ichar sochingiz,
Kiprigingiz - hilol, muhaqqaq.
Barmog'ingiz atirgulday xush,
Ko'ylagingiz yoqasi burma.
Ko'ksingizda g'unchalar behush,
Poyingizga qadalgan durmi?!
Nur elagan oyday yuzingiz
Bilamanki, faqat men uchun.
Demak, chindir aytgan so'zingiz,
Demak, meni sevishingiz chin.
Tun torayib boradi asta,
Xayolotga bazo'r sig'asiz.
Meni o'ylab uxlayolmasdan,
Yostiq tilin tishlab chiqasiz.
Tuyg'ularim aldamas sira,
Hech bir qizni sizday suymadim.
Tarqab ketar olis xotira -
O'zgaradi yurak qiymati.
Xum ichida qolgan g'o'raman,
Ko'hna mayday ko'pirar qonim.
Faqat sizni yaxshi ko'raman,
Faqat sizni o'paman, jonim!
                                              1995
          D A R S
Darsxonaga kirasiz shoshib,
Yonimdan «g'uv» o'tib ketasiz.
O'zingizga loyiq yo'l ochib,
Joyingizga qushday yetasiz.
O'tirasiz (axir, bu dars-da)
Va'zlar sig'mas dilxonangizga.
Pichir-pichir qilasiz, asta
Sirg'alib yon dugonangizga.
His qilaman: g'iybatingiz - men,
Po'rtanadek qo'pgim keladi.
Sochingizdan tortqilab, keyin...
Keyin...
...yig'lab o'pgim keladi!
                                             1995
O'layapman - ranjimang tag'in,
Qololmayman bu yerda sobit.
Atirgulning shoxchalaridan
Yasaganman o'zimga tobut.
Jar soladi mushfiqim - sabo,
Chorlayverar do'stu g'animni.
Mehmon bo'lgan Azroil bobo
Shabnam bilan yuvar tanimni.
Hayotimni muqaddas bilib,
Urfu-rusum qilurlar ul-bul.
She'rlarimni tilovat qilib,
Janozamni o'qiydi bulbul.
Yaproqchalar soladi uvvos,
O'ksimasin maysalar nega?!
Ko'milaman eng toza, eng soz,
Eng chiroyli gulning tagiga.
Ko'm-ko'k rangga kiradi jonib,
Chayqaladi zil-zambil hislar.
Yuragimni alvonday yopib,
Tobutimni ko'tarar qizlar!
                                          1995
Ona, meni quchog'ingga ol,
Torlik qildi qizlar quchog'i.
Kulsa, ustimdan kuldi iqbol,
Nurab tushdi ko'ksim o'chog'i.
Muzlayapman - boqmas hech kimsa,
Quvrab borar tobora ilkim.
Nahot to'ngich ustuning sinsa,
Kuzatasan, onajonim, jim?!
Pichirlashar qizchalar: g'iybat...
Raqiblarim chorlashar to'yga.
Mayxo'r do'stim osadi qiymat:
«Dunyo ishqqa tupurib qo'ygan».
Tupuraman... ammo qayerga!?
Ishqim - yerni qoplagan gilam.
Ketgim kelar havosiz yerga,
Ketgim kelar yantog'lar bilan.
Endi meni kim ham suyadi,
Endi menga kim bo'lar qalqon?
Gardun - keli, jonim tuyadi,
Gardun meni qiladi talqon.
Qochay desam - Zamin menday shol,
Quyosh boshim erga egmoqda.
Onajonim, quchog'ingga ol -
Men suygan qiz... erga tegmoqda!
                                                    1996
Birodarlar,
Mahallangizda
Bir ayol bor -
Befarzand ayol.
Ko'p ko'zikmas... iymanar sizdan,
Og'riqlari o'ziga ayon.
Manglayiga singib ketgan tuz
Kechalari milt-milt eriydi.
Eri yaxshi ko'radi... afsus...
U ham yaxshi ko'rar erini.
Bir-biridan yashirar tushin,
Yashaydilar bir-birin asrab.
Tushunadi hatto govmushi,
Berar ekkan oqqina hasrat.
Bir miskin u... hayotning barcha
Da'vosiga jimgina ko'ngan.
Bir miskin u... bevafolarcha
Kelajagi o'tmishga do'ngan.
Birodarlar,
Haq hukmi yetib,
Qabog'lari yopilar kuni -
Mozoriga beshikda eltib,
Alla aytib ko'minglar uni!..
                                            1997
    QISHLOQ
Baribir qaytaman...
Olifta shahar -
yaltiroq yo'llaru sun'iy guzarlar
ilonu chayonday chirmashib chaqar...
Dod solib qolsa-da dardsiz go'zallar -
baribir qaytaman,
qaytmasam bo'lmas;
qaytaman eng toza she'rlarim bilan.
Qishloq peshvoz chiqar,
chiqar basma-bas -
men suygan qizlar ham...
...erlari bilan!
                                                 1997
Unutgansiz meni - bilaman,
Faqat, “yo'q” deb qilmang e'tiroz.
Yolg'on so'zlab nima qilaman,
Men ham sizni unutdim biroz.
O'z zabtiga olyapti turmush,
Goh g'am kelar, gohida sevinch.
Xotiralar go'yo eski tush
Yo'qotmoqda o'z kuchini... Tinch -
O'tayapti yuvosh kunlarim,
Kengaymoqda mayin qorachug'.
To'zg'ib ketdi o'lik kullarim,
So'nmayapti faqat bitta cho'g'.
Tomirimda yugurar betin,
Goho to'xtar... Kimga kelar duch?
O't olgisi keladi, lekin
Topolmaydi puflaydigan kuch.
Nafasini qizg’onar dudoq,
Hushtak chalar go'yoki beg'am:
«Azoblardan qutildim, Xudo,
Endi qaytib tashlama, Egam».
Manglayida borini ko'rar
Har kas - axir erkning nafi kam.
Tan olayin: sizdan ham ko'ra
Mehribonroq chiqdi rafiqam.
Hatto sizdan qattiq sevdi u,
Tuyg'ulari - tiniq va quyuq.
Bu hududsiz olamda mangu -
Unga mendan boshqa dunyo yo'q.
To'liqaman, baxtliman to'kis,
Baxt shu bo'lsa - dilni dil o'par...
Eng xush ko'rgan soni - o'n to'qqiz,
Eng yoqtirgan guli - nilufar.
Menmi?! O'zni o'nglab oldim, bas...
Sho'ng'imasman ortiq jununga.
Bersam, kuyuk yuragimnimas,
Hayotimni beraman unga.
Uzr... Sizga og'ir bu so'zlar,
Nega aytdim?! Anglaganim yo'q.
Balki menmas, aslida bo'zlar -
Tomirimda omon qolgan cho'g'.
Baribir-ku... Axir, siz meni
Unutgansiz - qilmang e'tiroz.
Endi sizdan yashiray neni -
Men ham sizni unutdim biroz.
Yana she'rlar yozayapman. Ha!
Yuragimga qaytib keldi shasht.
Bu dunyoda ming urilsang-da,
Kerak ekan baribir yashash!
Mana, siz ham yashayapsiz-ku,
Baxtiyorsiz mendan yuz karra.
Ranjitmaydi sizni hech ham U,
Menga o'xshab qilmaydi zarda.
Kechirasiz... men kimman o'zi?!
Men o'shami - sizni deb yongan!?
Gurillashda quyoshdan o'zib,
Kuygan - o'zin urib to'rt yonga...
Bilolmadim. Unutdim. Tamom.
Kerak emas. Tugadi. Nuqta.
Ketaman o'z yo'limga tomon,
Siz ham bunda qolmaysiz to'xtab.
Unutasiz. Endi nafi kam,
Xotiralar - ojiz yeringiz.
Unutmaydi faqat rafiqam,
Unutmaydi faqat eringiz...
                                                       1999
Nafasingiz - eng xushbo'y atir,
Orazingiz istamas g'oza.
Eron qizi - Shahina nadir,
Gulgunroqsiz undan, Shahnoza.
Ko'zingizda mavj uradi Baxt,
Siz yengilsiz, lekin cho'kasiz.
Sal jilmaysam - kulasiz qah-qah,
Sal injilsam - ko'zyosh to'kasiz.
«Meni shuncha suyasizmi?!» - deb
Rasmingizdan har kech so'radim.
«Uyaltirmang odamni hadeb» -
Qizardi u...
Mening suratim
Sizga neni qilar hikoya?
Bilmaydi-ku ichkin g'aybimni -
Surat siyrat emas-da, shoyad
Ko'pirtirmagandir aybimni...
Men haqimda mayda gaplar ko'p:
Qancha nozik qo'lchani o'pgan...
Siz ishonmang! Hammasi ko'pik,
Ko'nglim ayon emas-ku ko'pga.
Bilasiz-ku kasbu korimni,
Sevgi deya ne ko'yga tushdim.
Unutdimmi yigit orimni?!
Garchi bukun hammasi tushdir...
Siz ertakdan chiqib keldingiz,
Etagingiz o'par hurlar ham.
Qoshingizda - ikkita dengiz,
Har tomchisi jonimga malham.
Yosh to'kasiz - injilsam agar,
Sal jilmaysam - qah-qah kulasiz.
Ey, ruhimni kuydirgan axgar,
Qachon menga hamdam bo'lasiz?
Chayqalaman tig'day rasanda,
Tanhoman-ku, keling - toqsiz Siz.
Men Yesenin bo'lolmasam-da,
Shahinadan suluvroqsiz siz!
                                           1998
May tugadi. Qishloqda
Boshlandi g'alla o'rim.
Ukamlar ishlamoqda,
Men bormayman, men - po'rim.
Shahardaman. o'zimga
O'zim xonman, o'zim bek.
Go'yo hamma ko'zimga
Boqar ta'na qilgandek.
«Arpangni xom o'rdimmi?!
Toshingni ter...» - kuyaman.
Yumshoqqina o'rnimni
Panaroqqa qo'yaman.
Yozish mumkin endi she'r,
Dehqonga she'r bitish shart:
«Uka, javlon uraver,
Topilmaydi senday mard.
Ko'zingga ter quyilsin,
Nafasing - issiq bug'day.
Xirmon-xirmon uyilsin -
Vatanga kerak bug'doy.
Xalq och qolmas sen bo'lsang,
Soya topar o'tda ham.
Tamom bo'lar sen so'lsang,
Menday qancha muttaham.
Demak, olov faslida
Qo'ldan tushmasin o'roq.
U o'roqmas aslida -
Menga yo'nalgan so'roq - ?
«Qaytmaysanmi?» - «Bilmayman,
Shahar qildi dabdala.
Tunda Oyga yig'layman,
Yuragim - yaydoq dala.
Nafrat mo'l-u mehr oz,
Qarashlar bir qolipda.
Go'zal hislarim - tannoz,
Fikrlarim - olifta.
Suyanchiq yo'q, ustun yo'q -
har odimda bitta jar.
Xudo bor-ku! Ko'nglim to'q...
Ne deyapti odamlar?
Kim aytdi?! Yiqilyapman!?
Yolg'on. Orzu-o'yim - oq.
Faqat... shu... siqilyapman...
Jonga tegdi bo'yinbog'!»
                                                1999
                     QARIQIZ
Osuda, tinch yo'ldan ham yurak yutib o'tar jim,
Topilmaydi olamda yuragiga mutarjim,
Kim bilsin, balki u ham shahzodasin kutar jim,
Axir, o'z baxtin kutib yashaydi-ku bari qiz,
Singlisini uzatib, o'zi qolgan qariqiz.
Bolalikka yo'lak yo'q. Oldga ham. Bir joyda lol,
Halinchakka osilib o'z-o'zicha ochar fol:
Balki bugun yo erta yoki indin, ehtimol...
Foli o'zgaga to'g'ri - o'ziga teskari qiz,
Qo'shni uyda kul bo'lib yor-yor aytar qariqiz.
Chehrasi dog'li deya havas qiladi Oyga,
Sochining bir tolasi zarbidan sinar oyna.
Tushin aytmaydi hatto tushunmaydi deb soyga,
Ko'nglining girdobidan qo'rqar, tubsiz qa'ri, qiz,
Xayolida baliqlar bilan suzgan qariqiz.
Bormi unga dugona, bormi dardin so'rovchi?
Bormi uning zoriga yetadigan zo'r ovchi?
Bu eshikni har kimsa qoqar - ko'rinmas sovchi,
Ostona hatlab endi chiqmas o'zi nari qiz,
Soyasi - o'zi, soya bo'lib qolgan qariqiz.
Halqa-halqa mung sochar qaroqlari havoga,
«Kimning qobirg'asiman?» - bo'zlar Momo Havvoga,
U ham gul-ku - bir kuni ochilishga da'vogar,
Ochilsa, hovlisini jannat qilar pari qiz,
Yaproqlari ostida ifor to'la qariqiz.
Ona - tinsiz: keksargan yuragin timsoh g'ajir,
Ota - tilsiz: qarigan manglayi g'ij-g'ij ajin,
Yo, Xudoyo, sen bu uch qulingga o'zing achin,
Ketayapti kun sayin, oy sayin Sen sari... qiz,
Ko'zlaridan to'kilib duolari - qariqiz...
Ko'ksimga xanjar sanchdim-qonday chiqdi bu she'rim
O'ttiz uch yil to'lg'ongan jonday chiqdi bu she'rim,
Rosti, o'zim bilmayman, qanday chiqdi bu she'rim..
Ko'zyoshingday samoda omonat Yer shari, qiz,
To'kma, yo'qsa, yo'qlikka yo'l olamiz, qariqiz!..
                                                                      1999
O'n yil oldin boshimda do'ppi,
Egnimda to'n - ketdim uloqib.
Bekor o'tdi yillarning ko'pi,
Pushaymonman ortimga boqib.
Ko'nglimdagi o'sha jaydari
Tuyg'ularning qanchasi so'ndi.
Cho'kayapman kun o'tgan sari -
Bormikan bu qayg'uning so'ngi?
Tongga yetmay yitar tushlarim,
Umrim chala tushdan iborat.
Birga o'sgan tengu to'shlarim
To'ylar qildi, qurdi imorat.
Men-chi, hamon yo'lim noayon,
Hech narsani qilmadim qoyil.
Ba'zan, bilmay qolaman, qayon -
Olislarga bo'lar dil moyil.
Yuragimga endi tinim yo'q,
Ketish kerak bu yerlardan jim.
Uyga qaytay desam - to'nim yo'q,
Qayerdadir qop ketgan do'ppim...
                                                  2001
        O'YIN
Bu qiz bilan har kuni
O'ynardik bekinmachoq.
Darrov topardim uni
Devorga bekingan choq.
Qo'l ushlashib adirga
Chopar edik hakkalab.
Qaytardik keyin birga,
Qo'ymas edim yakkalab.
Ishonmasdan, ko'zimni
Kafti bilan yopardi.
Bekinardi. Men uni
Osongina topardim.
Kapalakday beqaror,
Ohuday edi qochoq.
Keyin bilsam, aslida
Bu dunyo - bekinmachoq.
Bir kun ogoh qilmasdan
Bir burchakka chekindi.
O'zi bilib-bilmasdan
Chimildiqqa bekindi.
Ovoz berdim: «Bo'ldi, chiq,
Qanisan?..» - tinglar edi.
Lekin negadir piq-piq
Chiqmasdan yig'lar edi.
Kiray desam yoniga,
To'siq bo'ldi yangalar.
Igna sanchib jonimga,
Dil dardimni yangilar.
Tashqaridan so'z qotdim:
«Hammasi o'yin edi,
Ko'z yumdimu - yo'qotdim,
Buyog'i to'ying endi...»
Shundan beri har kuni
Yaramga teginaman.
Uzoqdan ko'rib uni,
Shu zahot bekinaman.
Ergasholmas izimdan,
Ortimdan chopolmaydi.
Ko'rib turaru zimdan,
Hech qachon topolmaydi...
                              2002
           Y O' Q L O V
           -1-
Uzoqlashgan edim qalamdan,
Qo'llarimdan tushgandi qog'oz.
Bag'rim tutab qayg'u-alamdan,
Yuragimni to'kayapman boz.
Har bir so'zni, har bitta harfni
Dil to'ridan olyapman uzib.
Sog'intirib menday g'aribni,
Qayerdasiz, Muhammad Yusuf?
Kimdir dedi: o'lgan, u o'lgan...
Hayron boqdim: jinnimi u yo...
Odamlarga bir nima bo'lgan,
Yo so'ngiga yetdimi dunyo?
Axir, cheksiz samovot uzra
Charchadi-da Ona Yer yuzib.
Yoki Oyda axtarib misra -
Yuribsizmi, Muhammad Yusuf?
Yulduzlarni sarxush etibdi
Ko'ksimga siz kadagan rayhon.
Ammo kimdir yulib ketibdi,
So'ng ezg'ilab, etibdi payhon.
Nogoh izza bo'lgan boladay
Yig'layapman dunyoni buzib.
Cho'qqidagi yolg'iz loladay
Olisdasiz, Muhammad Yusuf.
Yetolmayman - tovonlarim qon...
Osilsam-da tikan, xaslarga -
Poyingizga yetganim hamon
Yumalayman yana pastlarga.
Intilaman tag'in ko'k sari,
Burnim konab, laxta qon qusib.
Unutilar ozorlar bari -
Sizni ko'rsam, Muhammad Yusuf.
Diydoringiz qayda? Hansirab,
O'rmalayman - eltar qay so'qmoq?
Ketayapman faqat sha'n so'rab,
Balki tushar boshimga to'qmoq.
Axir, dunyo maslagi - makr,
Huzur qilar hiylalar tuzib.
Dardkashim yo'q, ezginman, axir,
Bexabarsiz, Muhammad Yusuf.
Men kimman?!
Huv, yo'lda o'ksinib,
Yolg'iz qolib ketgan butaman.
Yarim yo'lda oyog'i sinib,
Bo'zlab yotgan nochor bo'taman.
Chor atrofim - yonayotgan dasht,
O't yo'lini bo'lmaydi to'sib.
Endi qiyin bo'ladi yashash -
Siz yo'qsiz-da, Muhammad Yusuf.
Tog' edingiz - har kuni quyosh
Bag'ringizdan ko'kka chiqardi.
Men-ku sizdan yumalagan tosh,
Yuksalay deb quvvat yig'ardim.
Balki bir kun yo'l ochsa Samo,
Tog' bo'larman siz kabi o'sib.
Qay tomonga bo'ylayin ammo -
Qaerdasiz, Muhammad Yusuf!?
            -2-
Umr nima?
Bir sho'x nag'maki,
Tugamasdan bo'ladi sarob.
U - bir tutab o'chgan tamaki,
Yarmi yerga to'kilgan sharob...
             -3-
O'ylab qoldim birinchi marta:
Ne o'zi shoir bo'lmoq?
Hech kim qabul qilmagan dardni
Yuqtirib o'lmoq!
                                   2001 yil, 19 avgust
           SEN
 
Faqat Sen bor,
faqat Sen ozod,
abadiysan faqat Sen,
poksan -
tomirimga sevgi quygan zot,
toqsan!
 
Men-chi,
bandang -
dunyoda tolgan,
goh qum, goho loylarga botdim.
Ulkan boshoq ostida qolgan
chumoliman...
yo‘lni yo‘qotdim.
 
Sarbon o‘zing,
to‘g‘ri yo‘l ko‘rsat,
hal qiluvchi palla -
shu fursat.
Toki dilim bog‘lab dilingga,
omon yetib olay
inimga...
 
                                             2005
 
                 BESLAN
 
           «Siniq oy» dostonidan
 
Hamon seskanaman, bilmam, na holat?
Hamon uvishadi yuragim... Eslang:
Dunyoni larzaga solgan jaholat -
O’tgan yil. 1 sentyabr. Beslan.
 
Ayon bo‘ldi vahshiy to‘da matlabi,
Iblisning amriga amal qilishdi:
Kelajak jamuljam bo‘lgan maktabni -
Quyoshning ko‘ksini qamal qilishdi.
 
Mitti qo‘lchalarga “Alifbe” emas,
Tarqatib chiqishdi bittadan mina.
Tushuntirib bermas edi biron kas -
Bularning gunohi, maloli nima?
 
Ziyoga talpingan qorako‘z jujuq
Kutgani boshqaydi, orzusi boshqa.
Lahzada yuzini qopladi uchuq,
Lahzada qaridi yigirma yoshga.
 
O, ilk bor his etdim nomard o‘limni,
O, ilk bor cho‘k tushdim qaltirab tizim.
Go‘yo ular ichra ko‘rdim o‘g‘limni,
Go‘yo ular ichra yig‘lardi qizim...
 
Nima qilay, qanday bo‘layin bir yon!?
Kaftimni Xudoga ochib yolvordim.
Tunlari alahlab, bezovta, giryon
Har kecha... Har kecha Beslanga bordim.
 
Lekin... sodir bo‘ldi mash’um falokat,
Qancha kapalakning hayoti so‘ndi.
Onalar dodiga yo‘q edi toqat,
Yo‘q edi otalar g‘amining so‘ngi.
 
Maktab eshigiga turmuldim uzoq,
Zor kutdim... (Ko‘ksimga yurak sig‘madi)
Ko‘plarning bolasi chiqdi-yu, biroq
Mening o‘g‘lim bilan qizim chiqmadi...
 
                                                 2005
    
      TЕLЕFON
Qilasizmi mеnga qo'ng'iroq,
Yoki o'zim tеraymi raqam?
Sizni juda sog'indim... Biroq,
Bahona yo'q yo'qlamoqqa ham.
Aylanadi gumonlar g'uj-g'uj...
Tеlеfon jim,
Yotar bеzabon.
Yurak kabi qilmaydi xuruj -
Simlarida oqmaydi-da qon...
2005, dеkabr
 
          TILSIM
Har tong turib oynaga boqsam,
Gulday yuzing bo'ladi paydo.
Chiroylisan, noziksan, oqsan -
Bir ko'rishda etgansan shaydo.
Tinchimayman, bilib qo'y, toki
Topgunimcha bu holning sirin.
Yoki ko'zgu - sеhrli... Yoki
Mеn Farhodman... Yoki sеn Shirin...
                                               2005
          КO'ZGUDAGI AYOL
O'ltiribsiz ko'zgu oldida,
Sochlaringiz chuvalgan, ma'yus.
O'tiribsiz ko'zgu oldida -
Dunyo bilan qolib yuzma-yuz.
Qalbingizni qiyma-qiymalar
Tun charxlagan qop-qora xayol.
Sizga taskin izlab qiynalar
Ko'zgudagi chiroyli ayol...
                               2005
          YOSH TO’KASIZ...
Yosh to'kasiz tunlar yashirin,
Yostig'ingiz jiqqa bo'lar ho'l.
Yosh to'kasiz tunlar yashirin,
Ko'zlaringiz - zahar to'la ko'l.
Yosh to'kasiz. Dunyo-chi loqayd -
Bu dunyodan kеchgim kеladi:
Yoningizga borib o'sha payt,
Yoshingizni ichgim kеladi!
                                       2005
           SO'ZSIZ...
Husningizni etay dеb ta'rif,
Har soniya izlayman timsol.
So'zim g'arib, shе'rlarim g'arib,
Mo'ltirayman go'yo gungmisol.
Aylanmaydi tilim kalomga,
Tashbеhlardan go'zalroqsiz siz.
Tеrmilaman tilsiz qalamga,
Endi sizni sеvaman -
So'zsiz!!!
                                     2005
     SЕVGI
1.
O'z vaqtida kеlmaydi
Asl sеvgi hеch.
Erta kеlar va yoki
Kеlar picha kеch.
Kеlar nogoh uyg'ongan
Tungi quyunday.
Boringni ostin-ustun
Qilar kuyunmay.
Sеvgi - ayni saraton
Yoqqan laylakqor.
Yoki muzga muz tеgib
O't chiqsa... Zinhor -
Bu olovni o'chirma,
Kaftingda tutgil.
Atirgulga aylanar
Alanga - kutgil.
O'sha - dilni muzlatib,
Yana kuydirgan.
Bеmahalda bo'zlatib,
Qah-qah kuldirgan.
Sarosimaga tushma,
Tashrif qilsa gar.
Yuragingga muhrini
Bosaru - kеtar.
Bu dеgani - odamsan,
Tashvish chеkma hеch.
Asl sеvgi yo erta,
Yoki kеlar kеch...
2.
Sеvgi - iblis chalayotgan kuy,
Sеvgi - farishtaning nolasi.
Tinglamayman dеysiz-u, ammo
Unga asir bo'lib qolasiz.
Sеvgi - chayon tomizgan zahar,
Sеvgi - asalarining boli.
Qo'l cho'zmayman dеysiz-u, lеkin
To'ysangiz ham yеysiz yotvolib.
Sеvgi - duv-duv yog'ayotgan cho'g',
Sеvgi - qish chillasining muzi.
Etagingiz silkiysiz, biroq
Kеtolmaysiz poyingiz uzib.
Sеvgi - chaqmoq singari oniy,
Sеvgi - har lahzasida baqo.
Shu bois baxt kulib boqar-u...
Baxtli bo'lolmaysiz mutlaqo!
2006
    
Oqish palto, qop-qora etik,
Oppoq chеhra, qop-qora ko'zlar...
Aytgin, qanday baxtiyor edik,
Musiqaday oqardi so'zlar.
Boshimizdan zar sochardi tun,
Poyimizda oppoq poyandoz.
Go'yo dunyo olar edi tin,
Ikkimizni tanho qo'yib, soz.
Sovuq qotma dеya avaylab,
O'rab qo'ydim qora sharfimni.
Mеni butkul so'zamol aylab,
Tinglar eding yurak zarbimni.
Jim kеtarding. Mеn esa yonib,
So'z sochardim - qolmasdi yodda.
Koshki dеrdim butun dunyoni
Kеzib chiqsam sеn-la piyoda.
Qo'llaringda qop-qora qo'lqop,
Oq qo'lingdan o'pay dеb yechdim.
Bu dunyoda mеn uchun shu tob
Sеndan boshqa yo'q edi hеch kim.
Ey yo'llari toyinchoq qorqiz,
Dunyo - bozor: ol-ho, ur-yiqit.
Taloto'pda qolma dеb yolq'iz,
Bo'lay dеvdim, axir, qoryigit.
Va lеkin, sеn - xushro'y, rasida:
Go'zallarga yaktolik udum.
Ko'zlaringning alangasida
Erib kеtdi shamday vujudim.
Tun toraydi. Kеtaman, dеding,
Sochlaringni sеkin tuzatib.
Oh, jonimdan ayrilgan edim,
Bеruh qoldim sеni kuzatib.
Ko'rpasini tortdi qora tun,
Oyoq cho'zdi uzun shaharga.
Yaxshi dam ol. Bo'lmagin mahzun -
Yetajakmiz oppoq saharga...
2006, yanvar
              CHIROYLISIZ…
 
Chiroylisiz. Go‘zalsiz. Mag‘rur.
Tashlaysiz goh ko‘z qiringizni.
Talpinadi yurak qurmag‘ur,
Bilsam deydi dil siringizni.
 
Ammo sira buzmaysiz pinak,
Xotirjamsiz. Sokinsiz. Sipo.
Go‘yo yo‘q siz yetmagan tilak,
Go‘yo sizda dunyo baxti jo.
 
Holbuki har lahza betinim
Qalbingizda otilar vulqon.
Garchi qushday yursangiz-da jim,
Qoningizda uxlaydi to‘fon. 
 
Beparvosiz. Vazmin. Osuda.
Oqqush kabi qilasiz pardoz.
Go‘yo beo‘y, beg‘amsiz juda,
Go‘yo issiq hislaringiz oz.
 
Adashdimmi yo ko‘ngil berib?
O’ylayversam – yuragim og‘rir.
Poyingizga to‘kildim erib…
Chiroylisiz. Go‘zalsiz. Mag‘rur.
                                               2006
 
 
        XAT
 
Aya,
Ayajonim,
Mehribon ayam,
Ayting, yuribsizmi
Masrur, salomat?
O’zingizni asrang,
Men uchun ayang:
Siz borsiz - meni tark aylamas omad.
 
Mehringiz tuyaman har bir qarichda,
Olisdan sezaman duongiz kuchin.
Sizdan nur tashiydi yuz ming farishta
Mening yo‘llarimni yoritmoq uchun.
 
O’ylanmang,
Tetikman,
Ishim joyida -
Ko‘ksimda orzular yotibdi chaqnab.
Zuvalam pishganmi oyning loyidan,
Gohida mehrga qolsam-da chanqab -
 
Olamga muhabbat purkagim kelar,
Sevgiga g'arq bo‘lsin deyman ona yer.
Qalbimni parilar qo‘lma-qo‘l elar,
Tunlari uxlolmay yozarkanman she’r.
 
To‘g'ri, siqilaman ba’zan,
Nima naf,
Kimga kerak, deyman, quyma baytlarim.
Shoirlik men uchun edi-ku sharaf
Yoningizda o‘ynab yurgan paytlarim...
 
Sizday silamadi boshimni hayot,
Qozonda qovrildim, qaynadim, pishdim.
Va bugun o‘zimga qarasam, hayhot,
Nigohim begona odamga tushdi!?
 
U menga o‘zicha beradi tanbeh,
Og'amday turtkilab yo‘liga solar:
"Bolangga osh bo‘lmas qofiya, tashbeh,
Nima kerak senga quruq g'avg'olar?!
 
Odamday yashagin,
Yasha sho‘x-xandon,
Axir, yo‘q emas-ku senda layoqat.
Qadringga yetishmas kuysang-da chandon,
Uy qur,
Mashina ol,
Qilgin sayohat..."
 
Unga jim boqaman,
Qilmasman ta’na,
Uni tushunaman - o‘zicha haqdir.
Lekin nima qilay, ayajon, yana
Meni olovlarga yo‘llasa taqdir?!
 
Netay, yasholmasam xotirjam, sokin,
"Qo‘lingga qalam ol, - desa bir ovoz, -
Har bir so‘zimizni yozib ol, yoki
Biz sendan butunlay kechajakmiz voz!"
 
Aya, bu men uchun eng og'ir kulfat,
Aya, menga bundan ortiq g'am yo‘qdir.
U - mening ruhimga azaliy ulfat,
U borki qornim ham, qalbim ham to‘qdir.
 
Ko‘zimga ko‘rinmas gohida dunyo,
Uning vasli bilan yashayman sarmast.
U kelsa - mo‘‘jiza bo‘ladi bunyod,
U kelsa - har qanday og'riq pisandmas.
 
Bilaman,
Siz uchun so‘zlarim chigal,
Behuda o‘yinga o‘xshaydi balki.
Go‘yoki kirvolib g'ilof ichiga,
"Koinot - shu", deya etyapman talqin.
 
Biroq maslagim shu,
Tetikman, aya,
qo‘limdan tutganday Xizrning o‘zi.
Damba-dam to‘siqlar, g'ovlar chiqsayam,
Manzilga yetamiz yovlardan o‘zib.
 
Mehringiz tuyaman har bir qarichda,
Olisdan sezaman duongiz kuchin.
Sizdan nur tashiydi yuz ming farishta
Mening yo‘llarimni yoritmoq uchun.
 
Qalbimday chechakka to‘lganda qishloq,
Qonimday gupirsa loyqa ariqlar -
Men kirib boraman toychoqday kishnab,
To‘zg'ib ketar barcha alam, og'riqlar.
 
Ungacha chidang Siz,
Charchamang, aya,
Masrur bo‘ling doim,
Bo‘ling salomat.
O’zingizni asrang,
Men uchun ayang:
Siz borsiz - meni tark aylamas omad... 
                                                        2007
 
 
 
                  O’ZIM
 
                         Har ne istarsang, o‘zingdan istagil...
                                                          Alisher Navoiy
 
O’zim qo‘shin tortaman har kun o‘zimga qarshi,
O’zim lashkarboshiman, o‘zim - sipoh-u g'anim.
O’zimni asir aylab, o‘zim silkiyman qamchi,
O’zimdan kelar dam-dam o‘zimga qayg'u-g'amim.
 
Mehr-shafqat topilmas... Bormikan biron imdod?!
To‘rt tomonga termulib telbavor toldi ko‘zim.
Ayting, qachon kelarkan? Kelarmi o‘zi, hayhot,
Meni bu balolardan xalos etguvchi O’zim!?
 
                                                                           2007
 
 
                YONDING…
 
Yonding - falaklarga o‘rladi tutun,
Kuyding - quyun bo‘lib o‘ynadi kukun,
Dilingdan aritib samoning yukin,
Yukun, faqat uning o‘ziga yukun,
Undan o‘zga seni seva olmaydi!
 
Arshidan soyangga nurlar quyilar,
Tegrangda malaklar g‘uj-g‘uj uyilar,
Har neki hasrating mayda tuyular,
Tuyilar, dardlaring qayta tuyilar,
Undan o‘zga seni seva olmaydi!
 
O’sha - seni zarra-zarralab yig‘gan,
Erkalab kiftiga ham olib chiqqan,
Poyingga Iblisni bandilab yiqqan,
Yuqqan, undan senga muhabbat yuqqan,
Undan o‘zga seni seva olmaydi!
 
Mayliga o‘zingni girdobga otgil,
Mayliga olovga chirmashib yotgil,
Har neki ma’dan bor - qalbingga qotgil,
Bot gil bo‘lajaksan, bilib qo‘y, bot gil,
Undan o‘zga seni seva olmaydi!
 
Axir, yal-yal senga ko‘zgu tutar u,
Kuysang, sendan oldin kuyib-tutar u,
Xavfsirab nafasin ichga yutar u,
Kutar u, to mahshar seni kutar u,
Undan o‘zga seni seva olmaydi!
 
Ey Odam! O’zingni zabun qilma ko‘p,
Sen kabi sherdillar o‘tishdi to‘p-to‘p,
Biri toshday cho‘kdi, biri sindi - cho‘p...
O’p, uning har zarra, tolasini o‘p,
Undan o‘zga seni seva olmaydi!
 
Sevsang uni - nurga to‘lar hamma yoq,
U - cheksiz olamda yagona mayoq,
U borki yo‘lidan adashmas sayyoh,
Sayoq, manzilingni topgin, ey sayoq,
Undan o‘zga seni seva olmaydi!!!
 
                                                      2007
                XAYR
 
Senga sevgim keldimi malol,
Yuk bo‘ldimi va yoki qafas?
Ketayapman, mayli, yaxshi qol,
Endi seni tinch qo‘yaman, 
Bas!
 
Yaxshi qolgin!
Alamlar yutib,
Qovrilmagin hasratda, dardda.
Kel, so‘nggi bor qo‘lingdan tutib,
O’pib qo‘yay oxirgi marta.
 
Yaxshi qolgin,
Xayr, ey dilbar,
Sen - men anglab yetmagan Sirsan!
Haydamagil
It kabi agar
Tushlaringga adashib kirsam...
 
                                             2007
 
 
Qayiradi bargin gulxayri,
Yuz ochadi kulib nastarin.
Sochlarimni silagin, mayli,
Titib ko‘rgin qalbim astarin -
So‘z topilmas ismingdan o‘zga,
Dunyodagi eng toza chechak.
Sen borsanki - chechanman so‘zga,
Sen borsanki - oydindir kecham.
Mayli, gullar barq ursin zimdan,
Atirga garq bo‘lsin tevarak.
Hidlamasman. Sening isingdan
O’zga hidlar menga ne kerak?! 
Titramasin barg kabi labing,
Yuragingga cho‘kmasin g‘ubor.
Toki sevgi ekan matlabing,
Senga sodiq qolaman, dildor.
Faqat seni sog‘inaman men,
Faqat senga ilhaqman mudom.
Faqat sen deb og‘rinaman men,
Yuragim - bir sen uchun guldon!
Talpinadi garchi ming chechak,
Garchi pinhon yiglab-siqtaydi.
Nima qilay, iloj yo‘q hech ham -
Yuragimga ular sig‘maydi.
Qilolmasman muhabbat tuhfa,
Ko‘zyoshlari bo‘lsa-da ummon.
Nigohingdan arisin shubha,
Tuman kabi to‘zg‘isin gumon.
Ko‘p titmagin qalbim astarin,
Ma’yus bo‘lma - o‘yna, sevin, kul:
Senga havas qilar nastarin,
Senga havas qilar atirgul!
                                             2007
    
So‘z ochmagin eski sevgidan,
Behudaga qilaverma rashk.
Faqat seni suyaman bu dam,
Avvalgisi edi jinday mashq.
Bari o‘tdi.  Bitdi jarohat,
Yuragimda qolmadi hech iz.
Bildim - sevgi emas ja-a rohat,
Qolsang agar oxiri yolg‘iz.
Seni topdim. Ey, munglig‘ ohu,
Seni topdim - xudoga shukur.
Tarqab ketdi jamiki ohim,
Hayotimga olib kirding nur.
Sen borsanki - kunlarim rangin,
Sen borsanki - quvonch uyimda.
Sevgimizning toza jarangi
Aks etadi she’ru-kuyimda.
Faqat ba’zan xayolga tolsam,
Hasratlarga berilsam mubham.
O’zim bilan bir o‘zim qolsam,
Yuragingni ezmasin shubha.
Ko‘z oldimga keladi goh-goh
Izimdagi dog‘lar - xatolar:
Bilib turib qildim ko‘p gunoh,
O’ylayversam - yuragim tolar.
Yaxshiyamki, sen borsan. Toza
Ko‘zlaringga cho‘milayapman.
Hislaringdan olib andoza,
Zavq-sururga  ko‘milayapman.
Oy misoli yuksaldim tag‘in,
G‘uborlarim to‘kildi qat-qat.
Hech kimsa yo‘q sen kabi yaqin,
Bor hayotim seniki, faqat -
So‘z ochmagin eski sevgidan,
Behudaga qilaverma rashk.
Faqat seni suyaman bu dam,
Avvalgisi edi jinday mashq.
                                         2007   
   
            MAKTUB
                               Singillarimga
Omonmisan, munis Nazokat,
Yaxshimisan, mushfiq Nigora?
Xijolatman oldingda behad,
Yo‘qlamadim yilda bir bora.
Taklifnoma sochaverar kuz,
Qish yo‘limga to‘shar poyandoz.
Yo‘l ko‘rsatar ko‘klamgi yulduz,
Terga botib otlanadi yoz.
Biroq mening parvoyim falak,
O’z-o‘zimdan ortmacan sira.
Hammol kabi chopaman halak,
Qiynasa-da ba’zan xotira -
Yuragimga quloq solmasman,
Hislarimga bermasman imkon.
"Tirikchilik..." deya tolmasman,
Vijdonim sal qo‘zg‘olgan zamon.
Yuragimni yuvadi ko‘zyosh,
Hammasini yutyapman ichga.
Sinovlarga berolmasdan dosh,
Qul bo‘ldimmi yolg‘on sevinchga.
Do‘stu-yorga sochib vaqtimni,
Davralarda so‘z aytaman xush.
Uyoqda-chi tilab baxtimni,
Har kun meni ko‘rasan sen tush.
Ro‘molchalar olaman gulgun,
Va tuhfalar bilan bir dunyo -
Seni yo‘qlab boraman har tun,
Tong otadi. Afsus, bu ro‘yo.
Ro‘yo kabi o‘tmakda hayot,
Bilmam, o‘zi, qolarmi izim.
O’g‘limga men yurgan yo‘llar yot,
Chang ko‘chada o‘ynamas qizim.
Ammo senga juda o‘xshar u,
Qiliqlari xuddi seniki.
Hech kimsaga bergisi kelmas -
Yaxshi ko‘rsa kimni, neniki.
Goho senga ichiksam yomon,
Erkalayman sochlarin iskab.
"Onam" - deyman kulib u tomon,
"Singlim" - deyman bir najot istab.
Bir lahzada tarqalar anduh,
Yig‘iladi yana dilda kuch.
Bo‘y cho‘zadi asta so‘lg‘in ruh,
Uyg‘onadi orzular g‘uj-g‘uj.
Tomirimda zamon shiddati,
Armonlarim ko‘pirar toshib.
Kun keladi - tugar muddatim,
Bo‘ynimda zil malomat toshi.
Singayapman sekin Toshkentga,
Oy - ko‘ksimning bitta tiligi.
Ayt-chi, singlim, o‘xsharmi menga -
O’g‘lingning ham biron qilig‘i?!
                                                   2007
              UYQU
Uxlayapsan. Shirin. Osuda.
Kiprigingda masrur halovat.
Tamshanasan. Avaylar juda -
G'ijirlamas esli karovat.
Uxlayapsan. Oydin. Sokin. Tinch.
Chiroylisan - barcha tasdiqlar.
Ich-ichiga sig'masdan sеvinch,
Sеmiradi ko'rpa-yostiqlar.
Uxlayapsan. Ma'sum. Bеtashvish.
Ish tashlagan horg'in shaharda.
O'z-o'ziga topib olgan ish -
Oromingni qo'riqlar parda.
Jilmayasan. Balki shu mahal
Tushlaringda chеchak tеrasan.
Bеrmasin dеb hеch kimsa xalal
Qalqon bo'lar eshik-dеraza.
Uxlayapsan. Uflay dеya zar,
Oyo o'g'rincha qaraydi. Biroq
Tеgmasin dеb husningga nazar,
Ko'zlarini yumadi chiroq.
Hamma sеnga mеhribon. Hamma
Urinadi - yеydi g'amingni:
Ki hеch narsa qilmasin hamla,
Ki xotirjam olgin damingni.
Uxlayvеrgin. Tеran. Bеrilib.
Hamma mas'ul... Faqat mеn bеkor -
Nе qilarim bilmay, tеrmilib
O'tiribman yoningda bеdor...
2008
   TALABALIK QISSASI
Mеn ham bir payt siz kabi
O'tyurak tolib edim.
Chorlab hayot maktabi,
So'ng bundan tonib edim.
Bugun dilda nadomat,
Bugun tilimda tavba:
Qani, kulsa-yu omad,
Bo'lsam bir pas talaba.
Afsus, hayot dilimni
Shamolday yulib kеtdi.
Sochib barcha ilmni,
Ustimdan kulib kеtdi.
Cho'kayapman kun sayin,
Dilda achchiq quyqalar.
Mеn ham bir payt sizdayin
Oshiq edim, ukalar.
Tеng kеlmasdi damimga
Majnun, Farhodning ohi.
Goho singib g'amimga,
Ko'kka uchardim gohi.
Eh, u damlar zamin na,
Samoni buzsam dеrdim.
Yulduzlarni yig'ib va
Hilolni uzsam dеrdim.
Ko'z tikardi yo'limga
Go'zal, g'amgin nigohlar.
To'kilib o'ng-so'limga
Pinhon kuyish, oh-vohlar.
Mеni o'ylab tunlari,
Nе qizlar bеdor edi.
Mеn sеvmasdim ularni,
Ular-chi, bеmor edi...
Bir kun boshlandi nogoh
Dilda taka-pukalar.
Qayg'udan bo'ldim ogoh -
Sеvib qoldim, ukalar!
Ichim yonardi gur-gur
Unga qaragan sari.
U maxliqo edi, hur,
Odam qizimas - pari.
Holim siniqib tun-kun,
Ich-etimni еr edim.
“Sеni sеvaman, tushun...” -
Tushlarimda dеr edim.
Dardim - uni qo'msamoq,
Bеzdim o'zga va'zlardan.
Sеvgidan olib saboq,
Oyoq uzdim darslardan.
Mеn ham sizday u mahal
Oshiq edim, ukalar.
Yigirmadan endi sal
Oshib edim, ukalar.
Xullas, mеndan kuldi u,
Dеdi: “Mеni sеvmassan -
Sеning tеnging odam-ku,
Sеn jin yoki dеvmassan...”
Qolavеrdim mung'ayib,
Qolavеrdim bеmajol.
U bo'ldi ko'zdan g'oyib,
Boshqa ko'rmog'im mahol...
Yillar o'tdi. Ko'zimga
Kullarin sеpib o'tdi.
Yukin ortib ustimga,
Nuqib, goh tеpib o'tdi.
Mulla mingan eshakday
Tushib oldim bir izga.
Endi yoshlik ertakday,
Endi o'ylarim o'zga.
Osmondagi oy emas,
Еrdagi toshga boqqum.
Jo'shqin, asov soy emas,
Sokin daryoday oqqum.
Qaramayman oy, yillab
Na ko'ngilga, na shе'rga.
Mеni sеvganlar yig'lab,
Tеgib kеtdilar erga.
Nima qilay... Bu hayot
Saboq bеrdi har bobdan.
Endi mеnga g'o'rlik yot,
Endi pishiq arbobman.
O'ylayman manglay uyib,
Bo'ynimda gullik arqon.
Ulkan zafarni tuyib,
Qadam tashlayman har on.
Toliqib kеlsam uyga,
Xotin poyim uqalar
(Fido bo'ladi suygan),
Buyam bir baxt, ukalar.
Yashayapman taqdir dеb,
Qilib har dam murosa.
Yuz burmayman taxir dеb,
Shu mеn kеlgan xulosa:
Parilarning hislari
Erkka moyil bo'ladi.
Mеni sеvgan qizlarning
Og'li shoir bo'ladi!
                           2009
   
Eshik sеkin ochildi. Sеzdim.
Siz kеldingiz. Boqmadim qiyo.
O'tirdingiz. Kutdingiz ezgin.
Gapirmadim. Tilsizman go'yo.
Tikildingiz titroq ichra jim,
Ko'zingizdan tomdi tomchi yosh.
Sukunatni bеto'xtov ichdim,
Sukunatga bеra oldim dosh.
Qaradingiz bir najot kutib,
Qaradingiz dilgir, shikasta.
O'tirardim tilimni yutib,
O'tirardim bеmajol, xasta.
O'rningizdan qo'zg'oldingiz va
Qo'ydingiz mеn tomon bir odim.
Na o'grildim, na qo'l cho'zdim, na
Bir tabassum hadya etoldim.
Baxtli edi soyamiz biroq,
Bir-biriga qo'shilib polda.
Bilmas edi nеligin firoq,
Quvnar edi oniy visoldan.
Xo'rsindingiz og'ir va ezgin,
Ich-ichimda tortdim  mеn ham “uf”.
Eshik sеkin yopildi. Sеzdim.
Tishlarini g'ijirlatdi qulf.
Siz kеtdingiz  qay bir tomona,
Mеni yutib yubordi xona...
              2009
   
Qishki quyosh kabi kеlishing tansiq,
Binafsha nafaslim, yalpiz nafaslim.
Kulasan bahorni qilganday tasdiq,
Mеni sog'intirgan ma'suma faslim.
Holbuki, tashqari guvillar yomon,
Dеraza ortida tinmay yog'ar qor.
Xonamga sеn kirib kеlganing zamon,
Qahraton qahri ham yitar mutlaqo.
Har so'zing - ko'klamning sеhridan darak,
Har imong - qaldirg'och kabi yoqimli.
Go'yoki sеn bois bu qari falak -
Tеskari buradi havo oqimin.
Jimman mеn. Tomosha qilaman sassiz:
So'zlaysan. Kulasan.  Barq urasan, barq.
Dunyoda bormikan mеn kabi xasis,
Husningdan bir o'zim olsam dеyman zavq.
Ming afsus, yalpizday tashrifing qisqa,
Dimiqqan xonam ham sеnga kеlar tor.
Dunyolar ko'z tikar sеn kabi qizga,
Kеtasan qoldirib anvoyi ifor.
Iskayman... Og'riydi nеchundir ko'ksim,
So'ng yana sho'ng'iyman g'avvosday ishga.
Yuragim yo'l olar ko'chaga o'ksib,
Dardini aytgali qahraton qishga...
                  2009
 
   
Dеrazam oldidan o'tasan har kun,
Bizni ayiradi shu shaffof shisha.
Kun sayin ko'zimda quyuqlashar mung,
Kun sayin yuragim og'riqdan shishar.
Sеzmaysan... Bir bora qo'ymaysan qarab,
Yo'lingga kеtasan o'ychan va dardchil.
Sеnga quchoq ochar birdan to'rt taraf,
Hеch qaysi mеn kabi suymaydi garchi.
Bunchalar baxtiyor egningdagi qor,
Bunchalar omadli poyingda loylar.
Qo'lim ishga bormas kun bo'yi bеkor,
Kun bo'yi kutaman yo'lingni poylab.
Hurkak chumchuqchalik yo'dir jur'atim,
Bir bora bo'lmayman sеnga ro'baro'.
Yuz bora bitilgan tеlbavash xatim -
Yuz bora yirtilar... Yoqilar bari.
Daryoday to'lg'onar toliqqan ko'cha,
Baliqday suzarkan avtolar o'ktam -
Shiddati, shovqini ko'ksimga ko'char,
Sеn paydo bo'lasan yеrdanmi-ko'kdan.
Jimgina yo'lingda etasan davom,
O'ychansan, g'amginsan, sokin hamisha.
Dеraza oynasi - o'rtada dovon,
Tobora shafqatsiz shu shaffof shisha.
Tўxta, hееy..
Andisha pardasin sidir,
Bizga qayishmaydi bеrahm dunyo:
Dеraza oynasin tosh bilan sindir,
Yuragim yorilib sindiradi yo...
2009
Bo'shalib kеtguday turar turmaging,
Sochlaring yopguday yuzingni bеxos.
Noqulay tuyular bunda turmog'ing,
Bahona izlaysan jo'namoqqa mos.
Mеn esa kеtkazgim kеlmaydi sеni,
Yilda bir kеlguvchi hurkak qushimsan.
So'zlayman o'zimcha, bilmayman, nеni,
Hayajon tilimni boylar…
Tushun san...
Sеn uchun sеvilmoq - shunchaki odat,
Mеn uchun sеvmoqlik - oxirgi imkon.
O'zini anglamas sеvmasa odam,
Sеvgini tushunmas sеvilgan inson!
Sеn uchun bu gaplar chigal falsafa,
Sеn uchun qiziqmas ichkin o'ylarim.
Sinaysan didimni mеning har safar:
Yoqdimi oq gulli, pushti ko'ylaging?
“O, qandoq chiroyli,
Yarashibdi xo'b…” -
G'udranib izlayman tuzukroq kalom.
Garchi sеnga aytar dilso'zlarim ko'p,
Aytilmay hammasi bo'ladi tamom.
Ehtimol, sеzarsan,
Balki bеxabar -
Dilimni o'ynarsan yaprog'day bukib.
Oylarsan: muhabbat - o'yin bеxatar,
Og'ir savdolardan yiroqsan bu kun.
Mayliga, g'amlardan olis bo'l abad,
Sеvmasang-da mayli mеni, ey ohu.
Hijron cho'llarida kеzma darbadar,
Sеnga ilashmasin laylilar ohi.
Bora qol, oldinda baxt kutar yal-yal,
Bora qol, yaxshimas ortiq turmog'ing.
Chuvalib kеtganday hislarim chigal,
Buzilib kеtadi hozir turmaging…
2009
ATIRGUL  BARGLARI
                                (t u r k u m)
1
Hayotmi bu, yo sirli ertak,
Yoki, bilmam, bir shirin tushdir:
Kipriklarim otmoqda kurtak,
Qoshlarimga shudringlar tushdi.
Ko'zim buloq singari toza,
Gulga kirdi har bir barmog'im.
Bog'da birdan bo'ldi ovoza -
Atirgulni yo'qlab bormog'im.
Kuy boshladi sozanda bulbul,
Jarchilarim - chittak va kakku:
“To'y boshlandi!
Ey, do'st, o'ynab-kul,
Axir, yashab qolish kеrak-ku...”
Sovchi bo'ldi oppoq kabutar,
Kuyovjo'ra - qora qaldirg'och.
Gul qizarib, bеzanib kutar -
Boshida dur yaltiragan toj.
Yo'limizga sochilar gulbarg,
Musichalar qilishar duo.
Ota uyin qilar ekan tark,
Ko'zyosh to'kar Atirgul... Shu on -
Dugonasi - qizg'aldoq bilan,
Pichirlashar, bilmayman, nеni.
Hozirdanoq yuz aldoq bilan
O'z izmiga solmoqchi mеni.
Mayli,
Gulga bo'ysinsam - aybmas,
Titrab turar nozik vujudi.
Buncha xushbo'y! Sirini aytmas,
Suvmas, atir ichganday xuddi...
Yashayapman -
Ming yil, yo bir on:
Vaqtning mеnga nisbati yo'qdir.
Anglab yеtdim: sеvsa gar inson -
Malak!
Boshqa qismati yo'qdir...
Shu savdoki - boshimga tushdi,
Shu sharafga loyiq ko'rdi Haq:
Ehtimol, bu bir shirin tushdir,
Balki, afsun, yoki bir ertak...
2
To tonggacha tinmadi yomg'ir,
To tonggacha chalib chiqdi kuy.
Taronasi - tiniq va sohir,
Hasrat ustunlarin yig'di-ku.
Qalbim bilan tingladim uni,
To tonggacha... ko'zimni yumib.
Jonimdagi achchiq qayg'uni -
Kuyi bilan kеtdi u yuvib.
Ko'zim toza... Toza so'z bilan
Salom bеrdim saxiy saharga.
Jilmaydi u - sеvinchim bilar -
Quyosh ila chiqqum safarga.
Qumursqalar qatori bo'ylab,
Odimlayman, do'stim - ninachi,
Yo'l boshlaydi sho'x qўshiq kuylab,
Qo'shilmasam ranjir ginachi.
Havo toza. Suvlar musaffo,
Atirgullar otmoqda mushak.
Yaproqlari - sochadi safo -
Xonqiziga yoqimli to'shak.
Hayot - go'zal, fusunkor, sirli,
Yuragimdan toshayapti shasht.
Ey, Sеvgining ma'sum asiri,
Yashash kеrak, ha, sеvib yashash!
Axir, hayot bеrilgan bir bor,
Yig'lasak ham, kulsak ham - kеchar.
... Uxlamaymiz bu tun ham, dildor,
Yana yomg'ir yog'ar bu kеcha...
3
Suv yuziga to'kildi asta
Atirgulning singan yaprog'i.
Ega chiqdi unga bir pasda -
Tillaqo'ng'iz ayni tong chog'i.
Jildiraydi musaffo ariq,
O'ynab oqar sahar qo'ynida.
Gul yaprog'i - eng nafis qayiq
Qalqir quvnoq yеl o'yinida.
Suvni o'pgan giyohlar - ko'prik,
Sohilda qo'l silkir xonqizi.
Ko'zlarimdan to'kilgan kiprik
Eshkak bo'lar... Xavfli oqizib,
Aylantirar mitti girdoblar,
Tillaqo'ng'iz - mohir dеngizchi.
Sabotini, san'atin toblab,
Davom etar yo'lida izchil.
Pisand emas xaslar to'sig'i,
Pisand emas qaltis burimlar.
Yelkan qilar еllar qo'shig'in,
Olislarda sеvgisi imlar.
Ufq qa'rida - u suygan qo'ng'iz,
G'arq bo'lmaydi quyqa gumonga.
To yor ekan shunday go'zal his,
Yetishajak bir kun ummonga...
4   
Atirgulning tanasi bo'ylab
O'rlab borar mitti chumoli.
Jilmayadi tushini o'ylab,
Nigohlari sarxush, xumorli.
Tush ko'ribdi qizil g'unchani,
Nur taratib yonib turganmish.
Ochib-yopib gul tugunchani,
O'zi bilan suhbat qurganmish...
Uyg'ondi-yu do'stlarin chorlab,
Tongda ko'rgan tushini aytdi.
Qaroqlari sеvinchdan porlab,
Takrorladi qadimiy baytni:
“Bu nе tilsim?
Bu nе sir, hayhot,
Nahot mеnda bor bo'lsa yurak?
Endi mеnga Usiz yo'q hayot,
Endi uni ko'rishim kеrak!”
Qancha ko'hna kitob titildi,
Xaritalar izlandi halak.
Oxir g'uncha manzilin bildi
Farishtalar do'sti - kapalak.
Yo'l boshladi.
Borar chumoli
Quyosh sari o'rlaydi tikka -
Yaprog'larning ostida qolib,
Sanchilsa ham ko'ksiga tikan.
Faqat mеni qiynaydi bir o'y,
Yetarmikan to qish kеlguncha.
Taratarmi u payt atir, bo'y,
Sovuq urib to'zmasmi g'uncha?
Yarim yo'lda o'lar kapalak,
Safar olis - yеtmaydi umri.
O'yin qilar joduli falak
Sochar ekan bir shoda durni.
Rahmim kеlar...
Qo'limga olib,
Eltsam dеyman manzilga oson.
Lеk chumoli qovog'in solib,
Bosh chayqaydi: “Tеginma, Inson,
Sеning orzung mеndan-da mayda,
Sеvgi axir azob-la xushdir.
Jon chеkmasang jonona qayda,
Mashaqqatsiz muhabbat puchdir!”
5
Kўp qavatli bir uy misoli
Atirgulning barglari qat-qat.
Ijaraga bir go'sha olib,
Sеvishganlar yashaydi faqat.
Har bargakda - bir baxtiyor juft,
Har yaproqda bir yorug' chiroq.
Biri shoir, biri faylasuf -
Og'rinmasdan ochadi quchoq.
Bilmas sira - hasad nе, nе kin,
Bеgonadir dunyo g'ubori.
Yashaydilar dalli va erkin,
Biri - pastda, biri - yuqori.
Bittasiga tеginsangiz sal,
Qo'zg'oladi bari - qo'shilar.
Havasimni kеltirar rosa -
Bunday ahil, go'zal qo'shnilar.
Shabnam kabi sof tushunchasi,
Ishq hukmiga mangu asirday.
Atirgulning olov g'unchasi
Barchasiga nur sochar birday.
Asalari kuylab yig'ar bol,
Raqs tushadi nafis kapalak.
Xonqiziga tilaydi iqbol -
Ninachi rang bеrgan kamalak.
Yo'l quradi tanti chumoli,
O'rimchak jim bog'laydi rishta...
Xullas, hayot hasratdan xoli,
Mushkin uy bu - toza, sarishta.
Koshki,
Mеn ham - gunohkor banda
Ular bilan bo'lsaydim non-tuz.
Ular kabi pok emasman-da,
Hur emasman ularday, afsus...
6
Bog'da bulbul o'qidi azon,
Kеyin kakku tushirdi takbir.
Jam bo'lishdi barcha namozxon -
Zag'cha, chumchuq... - tizildi bir-bir.
Gulzorning qoq o'rtasi - masjid,
Atirgulning bargi - sajjoda.
Sajda payti mast qilguvchi hid
Yuraklarni o'rtadi: boda -
Uzatardi bir sarmast g'uncha,
Bilmam, nеga - sеzmasdi hеch kim.
Safdoshlarim yotib turguncha,
Gulqadahni sipqorib ichdim.
Tomirimda taraldi lazzat,
Xira ongim birdan yorishdi.
Dilga tushov barcha dahmaza
G'oyib bo'ldi - yеrga qorishdi...
...Ixlos qilar har kim o'zicha,
Yo'llar ekan Arshga rozini.
Salom bеrdi imom musicha -
Va tugatdik shom namozini.
So'ng tarqaldik...
Kеzindim bеsar -
Ilk bor tuydim ibodat totin.
Endi uyga qaytayin dеsam,
Xalal bеrar bir juft qanotim...
7
O'tar edim gulbog' oralab,
Oyoq qo'yib mushkin pushtaga.
Bosardim goh g'unchalarga lab -
Qizil, sariq, oq va pushtiga...
Har birida - o'zgacha gulob,
Har birida - o'zgacha bir ta'm.
Mast bo'lardim...
Va sirim gullab,
Qo'shiq ayta boshlardim xurram.
Kuylamoqdan tinardi qushlar,
Chigirtkalar solardi quloq.
Chuvalchanglar dilini xushlab -
Chiqardi yеr yuziga quvnoq.
Faqat bir gul mo'ltirar ma'yus,
Faqat bir gul - bog'ning chеtida.
O'tgan kеcha bariga, afsus,
Shu gul yolg'iz guvoh edi-da.
Ilk bor sеni quchganim hamda
O'pganimni ko'rdi u nogoh,
Arazladi va o'sha damdan
Atrini ham sochmay qo'ydi, oh.
Endi o'ynab-kulsam-da qancha,
G'unchasini ochmaydi bu gul.
Yer iskaydi jim egilgancha,
Tuproqqa bosh urguday butkul.
O'tar bo'lsam yonidan, bеsas
Tovonimga sanchar nishini.
Qaydan bilay, sеnga dil bеrsam,
Atirgulning rashk qilishini.
Kеl,
Kutaman bu kеch ham bog'da,
Garchi yo'qdir sеnga hеch so'zim:
Ranjimasin - uzatsin boda,
Atirgulga tushuntir o'zing...
8
Atirgulning bandini kеsdim,
Qon sachradi yuzimga bеxos.
Sеskandim-u... Qismatim sеzdim,
Qiyin bo'lar endi mеnga, rost.
Tushlarimga kiradi bu gul,
Xo'rsinadi, ma'yus entikar:
Yaproqlari to'kilmish butkul,
Ko'zlarimga qadaydi tikan.
Pichoq izi - tuzalmas yara,
Silqib turar ohi, ingrari.
Mеni ta'qib qiladi yana,
Boshi kеtgan shahid singari.
Girdoblarga otadi o'zin,
Suv oqizgan gulbargin izlab.
Yoshga to'lar sohilda kўzim,
Uvol kеtgan g'unchani eslab.
Axir, sеnga qilgandim tuhfa,
Tilagandim yolg'iz muhabbat.
Orzum edi: u bilan uxlab,
Tushlaringda mеni ko'r faqat.
Sеn-chi, bag'ring tosh ekan, dilbar,
Qanday og'ir gunohga botding -
Latif g'uncha qadrini bilmay,
Loyqa ariq qa'riga otding.
Endi mеni qo'ymaydi bu gul,
Endi mеnga abadiy raqib.
Tushlarimni tozg'itadi ul,
To o'lguncha qiladi ta'qib.
Bir kun o'lsam...
To'lg'onar qabrim,
Toshib chiqar mushkin anduhi.
Ayamasdan sochadi atrin
Atirgulning bеzovta ruhi!
9
Yonarqurtday turibdi dilda -
Tеgrasiga taratib ziyo.
O'rmalaydi - ilashsa tilga,
Yulduz kabi nur sochar go'yo.
Atirgulning labidagi pok
Shabnam yanglig' balqib turar u.
Tushar bo'lsa yovvoyi nigoh,
Silkinadi - qalqib turar u.
Yorug' So'z u. Qadr kеchasi -
Malaklarning og'zidan tushgan.
Shoirlarning nеcha-nеchasi
Uni faqat ko'rmishdir tushda.
Mеn ham yolg'iz unga ishonib
Olgan edim qo'limga qalam.
Qaro tunda o'sha - nishonim,
Shu'lasida tashlayman qadam.
Agar bo'lsa zim-ziyo kеcha,
Agar zulmat olaytirsa ko'z -
Shе'rim o'qing... Lahzada kеchar
Dilingizga ushbu yonarso’z...
                                   22.II - 28.II - 2010
       CHI L L A
      (t u r k u m)
1
Jonimga har chechak tuzoq bo'ladi,
Jonimdan to'kilgan so'z - «oh» bo'ladi.
Meni jannatingga qo'yma, Ollohim,
Qo'ysang - jannating ham do'zax bo'ladi.
2
Ollohim, kim aytdi, o'yingdan kechdim?!
Yo'q, yo'q, asrorimni bilmaydi hech kim.
Ul qizning ko'zlari - pokiza qadah,
Quyoshni eritib, qadahlab ichdim.
3
Yig'laydi - ismini unutsam ilkis,
Ovunar - poyiga cho'ka qolsam tiz.
Rashk etar boshqa bir qizdan, Ollohim,
Seni sevishimni bilmaydi ul qiz.
4
Bu qayg'u tubida yuz yil yuzibman,
Yuzaga chiqib, yuz oy tuz qusibman.
«Zulayhoman» deb yuz ochmoqda bu Gul,
Shafqat qil, Ollohim, nahot Yusufman!?
5
Ollohim, pokman deb, million sana
Yukindim: bersang - ber pokiza sanam.
U esa qoshimga keldiyu kuldi:
«Kofirga o'xshaysan men kabi sen ham?!»
6
Jonimda bir chechak barq urib gullar,
Teginsam, qitig'i keladi - kular.
Teginmayin desam, kulli azob bu:
Ko'ksimdan qon ichar, ko'zimdan suvlar...
7
Bir xabar ilg'adim sahargi yeldin,
Chiqqanmish qachondir Majnun bu eldin.
Yo Olloh, nahotki anglamadilar -
U soyam edi-yu... men endi keldim!
8
Ko'zimga Atirgul ekkandim, Olloh,
Tikani tegmasdan qildi-ku halok:
Qirmizi qonimni ichirgan edim -
Nega bargi yashil, g'unchasi oppoq!?
9
Tomirim bo'tana bo'lib toshadi,
Qarog'im qirg'oqqa guhar sochadi:
Qonimda irillar bir vahshiy yo'lbars,
Ko'zimda bir o'rmon kiyik qochadi.
10
Ko'zimni chayqaltar erka balig'im
Va yana bir bola - qalqir qayig'i.
Sohilga bezovta alanglaydi ul -
Qarmog'in otmaydi mendan hayiqib.
11
Ertadan kechgacha qilsam-da hujum,
Yo Olloh, o'zimga etmaydi kuchim.
Uyqumda ichimga bekinib olib,
Tongda «Nodirman!» deb qo'rqitgan kuch kim!?
12
Xaloyiq ichidan bizni tanlab Yor,
«Nodir» deb har lahza etdi e'tibor.
Palaxmon tosh kabi irg'itdim seni -
Yuragim, ortimdan albat yetib bor!
13
Quyoshday betoqat, Oy kabi tinchman,
Kunduzday tashqari, Tun kabi ichman.
Ollohim, ilginchman: tongda va shomda
O'zining g'ilofin yorgan qilichman!
14
Sahroni yosh to'kib ko'l qilgan hutman,
Bir lahza behudman, bir lahza xudman.
Ollohim, rahm et, uvol ketmayin -
Yigirma uch yilda g'arq pishgan tutman.
15
El ichra nodiru balki afzunman,
Balki bir karomat, balki afsunman.
Ortimdan ergashar qonxo'r xaloyiq -
Rasulning labidan sizg'igan xunman.
16
Davronim munchalar chirkin, makkor, choh,
O, Rasul davrida yashasaydim... oh!..
Shukur qil, netarding, - dedi Ollohim, -
Kelsayding Undan ham yuz yil oldinroq?!
17
Ey ko'zim tubidan sachragan uchqun,
Yo ulkan gulxan bo'l, yo butkul o'chgin!
Yigirma ikki yil qon yutib kutdim,
Kiprigim lang'illab, ko'chmadi ko'chkin.
18
Nozik tomirimda chayqalgan to'lqin,
Yorib chiq, pishqir va Dunyoga to'lgin.
Ka'baning bozordan farqi qolmadi,
To'fon bo'l, bilaylik - quruq kim, ho'l kim?
19
Ulusning qonini oqizgan Ajdar
Qalbimni g'ijimlar, qil deya sajda.
Men uning yuziga tupurdim, vale
Keyin afsus yedim... tupugim - ganj-da!
20
Ollohim, men senga cho'kkan edim tiz,
Boshimda toj bo'ldi hiylagar Iblis.
Endi men sajdadan bosh ko'tarmayman -
«Yo Olloh, tavba...» deb yig'lasin ilkis.
21
Otilar tortilgan kamonim tayin,
Ko'ksini changallab qular ul la'in.
Yo, Olloh, g'aroyib girdobga tushdim -
Arshga yetayapman cho'kkanim sayin.
22
Ollohim, sen meni haydama, itma,
Zanjiringda hurman - qullikda yitmay.
Ko'zi ilk bor bugun oynaga tushib,
O'ljasini tanib, qutirgan itman.
23
Pahlavon, dilovar edim, Ollohim,
Nafsimga «sen kimsan?!» dedim, Ollohim.
Baribir u mendan zo'r chiqdi, chunki
Uni mag'lub qildim - «yedim», Ollohim!
24
Zolimman, ozodman, zanjirman, qulman,
Olovman, o'tinman, tutunman, kulman...
Tag'in-da, kimligim ayonmas asti
Ollohim, sen meni kim desang - ulman...
25
Tanimni ming sana silkisang, Gardun,
Kaftingga to'kilmas bir zarra gardim.
Ko'nglimda hech narsa qolmadi, yo'qsa
Seni elak qilib, o'zim elardim!
26
Hech kimdan hech nima talab qilmadim,
Borimni ushotdim - ko'zga ilmadim.
Yuragim huvillab yotibdi, Olloh,
U ham Seniki-ku!.. Endi... bilmadim...
27
Ko'kdasan - ro'yingni ko'ray dedim, oh,
Lek har bir qadamim bo'ldi tubsiz choh.
O'zing-ku «yo'l - shu» deb ko'rsatgan eding,
Soyanggami ravo ko'rding yo, Olloh!?
28
«Ko'zingni tirnadi zulfiqor tig'lar!» -
Deb mening holimga ulusim yig'lar.
Men esa beto'xtov kulaman, chunki,
Ollohim, kipriging-ku - ul, qitig'lar.
29
Senga arzimasman sira - yor etma,
Lek boshim sajdada, keskil - or etma.
Hech kimning ko'ksini tig'lab qo'ymayin,
Siniq kiprigingman, Olloh, xor etma.
30
Nafasingni tuyib tuyqus jim bo'ldim,
Uyalib, taproqqa kirib, chim bo'ldim.
Kiprigim uchida bir qatra sharob,
Ollohim, ichmasang agar, kim bo'ldim!?
31
Qancha qadah tutdim - bo'ldimmi hech mast!?
O, Olloh, bilaman, hali-ku kechmas.
Va lekin ko'ksimda bir noshud yigit,
Ich, deyman, qonimni, qo'rqadi, ichmas.
32
«Toat etgil!» - tongda guftigo' bo'ldi,
Avval azon bo'ldi, so'ng ruku bo'ldi.
Tizlarim qaltirab, yiqildim behush,
Soqiy raqam chekdi: «sajda shu bo'ldi!»
33
Bir mayxona ochdim - ta'rifi yo'q hech,
Insonmas, arslonlar kelar erta-kech.
Mendan arazlagan, ey do'sti aziz,
Sen ham kel, ko'zimdan yangi sharob ich!
34
El mendan qochadi - qiladi gumon:
«Uning otashidan qolmaymiz omon».
Holbuki, quritsam qirqta dengizni,
Ko'zyoshim bo'ladi qirq mingta ummon.
35
Eshigimda navbat kutadi hamma,
Har biri bittadan cho'g' qilar ta'ma.
Ollohim, qiyomat kuni Iblisni
Jahannamga emas, ko'ksimga qama!
36
Javzoni sovurib, dalvni yoqib,
Bir to'fon kelmoqda men sori oqib.
Bir lahza ko'zimdan oqizg'on edim,
Tag'in qarog'imni istar tutoqib.
37
Osmonning tubiga o'rladi quyun,
Uchirdi toatu ibodat uyin.
Yo Olloh, ichimdan chiqqan ilonim
Qaysi bir kuyingga tushmoqda o'yin!?
38
Ko'zimga mixladim g'aroyib e'lon:
«Kimningki qonida oqarkan ilon,
Istasa, bir afsun o'rgataman, so'ng
Ilon - U, U Ilon bo'ladi, illo.
39
Ko'zimning ichida g'ij-g'ij ilon bor,
Ularning ko'zida tag'in shuncha mor.
Sudralib yuribman zo'rg'a, Ollohim,
Bu kimning ko'ziyu nechun buncha tor!?
40
Ollohim, lutf etding: «Orzung ne - tila»,
Senga maqsudimni aytay qay til-la?
Aslida Olami Kubrodan edim -
Qaytdimmi?! Bu umrim - kichik bir chilla...
                                                         1998

© Copyright: Надир Жанузак, 2006
Свидетельство о публикации №106100601583

Список читателей / Версия для печати / Разместить анонс / Заявить о нарушении

Другие произведения автора Надир Жанузак

Рецензии

Написать рецензию

очень понравились стихи , молодца ))
Шахноза Хамдамова   20.10.2015 18:56   •   Заявить о нарушении

+ добавить замечания

На это произведение написаны 2 рецензии, здесь отображается последняя, остальные - в полном списке.

Написать рецензию     Написать личное сообщение     Другие произведения автора Надир Жанузак

Авторы   Произведения   Рецензии   Поиск   Вход для авторов   Регистрация   О портале       Стихи.ру   Проза.ру


Источник: http://www.stihi.ru/2006/10/06-1583


Поделись с друзьями



Рекомендуем посмотреть ещё:


Закрыть ... [X]

Похожие новости


Праздник дня рождения для сыну
Поздравление на день рождения однокласснице от одноклассницы
С днем знаний студентов поздравили
Поздравление с днём матери с открыткой
Праздники рязанской области
Сценарий внеклассного мероприятия экологии
Красивая проза для любимого мужчины


Стих на узбекском языке о узбекском языке
Стих на узбекском языке о узбекском языке


Стихи на узбекском языке! (Надир Жанузак) / Стихи. ру
Стих с русского на узбекский Словари и энциклопедии на Академике



ШОКИРУЮЩИЕ НОВОСТИ